«Tirilish» Lev Nikolayevich Tolstoyning eng oxirgi romani. Tolstoy dahosining 10 yillik mehnati (1889 ─ 1899) samarasi o‘laroq dunyoga kelgan asarda adib o‘z zamonasidagi voqelikni tasvirlagan bo‘lsa-da, insoniyatning barcha zamonlariga xos muammolarni ochib bergan.
Nasab jihatidan dvoryanlardan bo‘lgan Tolstoy o‘z asarlarida, asosan, oliy tabaqa vakillarining hashamdor, ko‘zni qamashtiradigan jimjimali hayotini tasvirlaydi. «Tirilish»da esa bu an’anadan yarim qadam chekingan holda oddiy rus xalqining kulrang bo‘yoqli hayoti ham ochib berilgan. Roman knyazь Dmitriy Ivanovich Nexlyudovning o‘zi uchun hayot haqiqatini kashf etishi to‘g‘risida.
«Tirilish»dagi markaziy ijtimoiy muammo qamoqxonalarda chiriyotgan umrlar va bunga odatiy holdek qaraydigan, «qora frak kiyib, tilla hoshiyali pensne» taqib olgan sudyalar, prokurorlarning xudbinligi haqida.
Romanda hibsxonlarda turli sabablar bilan umri chiriyotgan jinoyatchilarning bu ahvolga kelishiga sabab bo‘lgan jamiyat, ularni qamoqqa tiqqan sudya, prokuror, tergovchilarning o‘zi ham jinoyatchilikda ulardan kam emasligi, faqat ular o‘z jinoyatini «nafosat bilan» amalga oshirishi va xaspo‘shlashi tasvirlanadi.
Lab-lunjini qon qilib, iflos qo‘li bilan odam go‘shtini g‘ajiyotgan odamxo‘r-u, xuddi o‘sha go‘shtni yoqasiga oppoq salfetkani qistirib, sanchqini nazokat bilan ushlab yeyayotgan odamxo‘r emasmi?
Romanni Lev Nikolayevich o‘z ana’anasiga sodiq qolgan holda «tolstoycha» uslubda yakunlaydi. Yana dinga, Parvardigorning kitobiga murojaat qiladi. Nexlyudov hayotidagi barcha adolatsizlik, yo‘ldan ozishlarning zamiri nimadaligiga dindan javob topadi. Insonning hayotidagi asosiy sterjen din ekanligini, hamma javoblar asrlar avval berilganini, lekin insoniyat oyatlarni xom-xatala chaynab, yutib-yutolmayotganini isbotlaydi.